Asosiy qismga o‘tish

Elektr montaj ishlari

Bino va inshootlarda elektr tarmoqlari.

Elektr montaj ishlari — bino ichidagi butun elektr tizimini noldan yig‘ish: kirish shchitidan tortib oxirgi rozetkagacha. Ishtirokchi kabel tortadi, avtomatlarni joylaydi, yoritishni ulaydi, dvigatel boshqaruv sxemasini yig‘adi va zamonaviy «aqlli uy» boshqaruvini sozlaydi. Musobaqada bo‘sh devor beriladi — natijada esa ishlaydigan, tekshirilgan va hujjatlashtirilgan elektr o‘rnatmasi bo‘lishi kerak. Har bir sim belgilanadi, har bir ulanish o‘lchov asbobi bilan tekshiriladi, izolyatsiya qarshiligi va himoya uzgichlarning ishlashi qayd etiladi. O‘zbekistonda bu yo‘nalish eng ko‘p ishtirokchi to‘playdigan kasblardan biri — 2025-yilgi Samarqand bosqichida 14 nafar ishtirokchi bellashgan.

Ishtirokchiga talablar

Bir fazali va uch fazali sxemalarni o‘qish, kuchlanish tushishi va himoya apparatini hisoblash, kabel kesimini to‘g‘ri tanlash. Amalda: shtroblash, kabel kanal va lotok o‘rnatish, klemma va gilzalarni to‘g‘ri presslash, shchit ichida toza va tartibli yig‘ish. KNX yoki shunga o‘xshash avtomatlashtirish tizimini dasturlash va ishga tushirish ko‘nikmasi ham talab qilinadi.

Kerakli jihozlar

Shtrobalovchi va perforator, kabel kesgich va presslash asbobi, sim tozalagich. O‘lchov: multimetr, izolyatsiya qarshiligini o‘lchagich (megaommetr), RCD tester, fazometr, lazerli nivelir. Materiallar: avtomat uzgichlar, differensial himoya, kabel kanal, gofra, klemma bloklari, KNX modullari.

Baholash mezonlari

Ishlab turganligi va xavfsizligi birinchi o‘rinda: tizim yoqilganda to‘g‘ri ishlashi, himoya apparatlari belgilangan vaqtda uzishi shart. Bu qismda xato bo‘lsa, modul umuman hisobga olinmasligi mumkin. Keyin o‘lchov bo‘yicha: o‘rnatish balandligi va tekisligi, kabel yo‘lining chizmaga mosligi, belgilash va hujjatlashtirish. Ekspert bahosi: shchit ichidagi yig‘ish madaniyati, kabel yotqizish estetikasi, ish o‘rnini toza tutish.